Oʻzbekiston Prezidenti Buyuk Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tantanada ishtirok etdi
Maʼlumki, bu yil Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida Buyuk Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir 9-may kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli uni tashkillashtirish keyingi muddatlarga surildi. Zafarli 1945-yilda Gʻalabaning birinchi markaziy paradi 24-iyun sanasida oʻtkazilgani bois joriy yil ham bunday tantana uchun aynan shu kun tanlandi.
Mazkur tarixan muhim voqeani birgalikda nishonlash maqsadida Rossiya hukumati muzaffar mamlakatlar rahbariyatlari nomiga taklifnomalar yubordi. Oʻzbekiston ham, albatta, oʻsha gʻolib davlatlar sirasida. Xalqimizning oʻsha mashʼum urushda muvaffaqiyat uchun qoʻshgan hissasi, hech mubolagʻasiz, ulkan.
Masalan, soʻnggi paytlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida yurtimizdan 2 millionga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Front ortida ham oʻzbekistonliklar koʻrsatgan matonat kelajak avlodlarga cheksiz faxr va iftixor bagʻishlaydi.
Shu bois mamlakatimiz vakillari Gʻalabaning 75 yillik shonli sanasi munosabati bilan Moskva shahrida oʻtkaziladigan tantanaga taklif etildi.
Taʼkidlash joiz, pandemiya butun dunyoga oʻz taʼsirini koʻrsatayotgan hozirgi ogʻir sharoitda davlatimiz rahbarining bunday tadbirda ishtirok etishining oʻzi ajdodlarga xos qahramonlik ifodasidir. Ekspertlar fikriga qaraganda, mustaqil Oʻzbekiston Prezidentining ilk bor qatnashishi paradning nufuzini sezilarli darajada oshiradi.
Harbiylarimiz ham mazkur tadbirda yurtimiz istiqlolga erishganidan keyin birinchi bor ishtirok etishlari. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev kecha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Kremlda boʻlib oʻtgan uchrashuvida taʼkidlanidek, bu bizning umumiy tariximiz, umumiy gʻalabamizdir. Xalqlarimiz namoyish etgan jasorat barchamiz uchun cheksiz gʻurur manbai boʻlib xizmat qiladi.
Prezidentimiz Moskvada Qizil maydonda boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda oʻz ishtiroki bilan Oʻzbekiston elining shonli Gʻalabaga erishishdagi umum eʼtirof etilgan buyuk xizmatiga hurmat bajo keltirdi.
Shu bilan bir qatorda, mard va jasur xalqimizning shafqatsiz urush sabab chekkan mislsiz aziyati, azob-uqubatlari yana bir bor xalqaro maydonda yodga olindi.
Boʻlib oʻtgan paradda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari vakillari ham ulugʻ ajdodlarga munosib tarzda ishtirok etdi. Umumiy hisobda, tantanada 13 ta davlatdan 225 ta harbiy texnika, 14 ming askar va ofitser qatnashdi. Rossiya poytaxti osmonidan 55 samolyot va 20 ta vertolyotning uchib oʻtishi bayramga oʻzgacha ruh bagʻishladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrifi davomida Moskva shahrining Aleksandr bogʻidagi “Nomaʼlum askar” yodgorligiga gul qoʻydi.
Umumbashariy ahamiyatga ega ushbu majmua Ikkinchi jahon urushi oʻchoqlarida Vatan himoyasi yoʻlida mardlarcha halok boʻlgan turli millatga mansub millionlab askarlar, shu jumladan oʻzbek oʻgʻlonlarining ham unutilmas xotirasi uchun bunyod etilgan. “Isming nomaʼlum, jasorating barhayot” yozuvi bitilgan mazkur yodgorlik ajdodlarning koʻrsatgan qahramonligi va jasoratining ramziy ifodasidir.
Ikkinchi jahon urushi Oʻzbekiston sarhadlaridan olisda kechgan boʻlsa-da, uning suronli taʼsiri, iztiroblari hech bir oʻzbek xonadonini chetlab oʻtgan emas. Xalqimiz fashizm ustidan erishilgan gʻalabani taʼminlashga buyuk hissa qoʻshgan. Respublikamizdan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilib, 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Urush oʻchogʻiga aylangan oʻlkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan. Saxovatli va tanti elimiz ularga oʻz uyidan joy berib, soʻnggi burda nonini ham baham koʻrgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev insoniyat tinchligi uchun jon fido qilgan vatanparvar insonlarning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
1966-1967-yillarda barpo etilgan mazkur majmuada abadiy olov alangalanib turadi. Unga Rossiya Federatsiyasining madaniy merosi obyekti maqomi berilgan.
Shavkat Mirziyoyev shu kuni Oʻzbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi yaqinida joylashgan Islom Karimov xiyoboniga ham tashrif buyurdi.
Prezidentimiz buyuk davlat va siyosat arbobi, oʻzbek xalqining ulugʻ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti haykali poyiga gulchambar qoʻydi, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Islom Karimov oʻzining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning koʻp asrlik tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan ulugʻ shaxs va arbob xotirasiga 2018-yilning 18-oktyabr kuni Moskva shahrida haykal oʻrnatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov hiyoboniga tashrifi chogʻida bu yerga yigʻilgan vatandoshlarimizni qutladi.
Shu bilan Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif dasturida koʻzda tutilgan tadbirlar yakunlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga amaliy tashrifini yakunlab, Toshkentga joʻnab ketdi.
O‘zA