O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘izistonda “2019-yil odami” deya e’tirof etildi
2020-yil 17-fevral kuni O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi Elchixonasi majlislar zalida Prezident Shavkat Mirziyoyevga “Ala-Too Ayimdari” (“Ola-Tau xonimlari”) ekologik harakati tomonidan “2019-yil odami” unvonini berilishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Respublika rahbariyati topshirig‘iga binoan maxsus mukofot va diplom qabul qilish uchun Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Bishkek shahriga tashrif buyurdi. Tadbirda “Ala-Too Ayimdari” harakati rayosati a’zolari, SSSR xalq artisti Kayirgul Sartbayeva va xalq yozuvchisi Gulsayra Mominova, Qirg‘iziston hukumati, parlamenti va mintaqaviy ma’muriyatlarida yuqori lavozimlarda ishlagan qirg‘iz va o‘zbek hamjamiyatlarining nufuzli vakillari, O‘zbekistondagi sobiq qirg‘iz diplomatlari, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi, yetakchi elektron va bosma nashrlar, markaziy radio va televideniye kanallari vakillari, siyosatshunos ekspertlar ishtirok etdilar.
Marosimda “Ala-Too Ayimdari” harakati rahbari Jipargul Bargibayeva nutq so‘zlab, o‘zbek-qirg‘iz munosabatlarini sifat jihatdan yangi yuqori bosqichga ko‘tarilishi, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida do‘stlik, tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, konstruktiv va qardosh munosabatlarini yaratish siyosati O‘zbekiston rahbari nomzodi tanlanishining asosiy sababi ekanligini ta’kidladi. “Ala-Too Ayimdari” harakatining mukofoti, aslida, butun Qirg‘iziston xalqining irodasi ifodasidir.
Jipargul Bargibayeva qardosh O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va etnik ozchiliklarning huquqlarini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi. “etnik qirg‘izlar zich yashaydigan Jizzax viloyatidagi Manas qishlog‘ining juda qisqa muddatda yangilanishini Qirg‘izistonda katta minnatdorchilik bilan qarshi olindi”, - dedi harakat rahbari. Uning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va konstruktiv siyosati tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara masalasi qisqa vaqt ichida deyarli hal qilindi.
O‘z navbatida Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov O‘zbekiston Prezidenti nomidan “Ala-Too Ayimdari” harakatiga va u orqali shaxsan qardosh Qirg‘iziston xalqiga O‘zbekiston rahbarining o‘zaro manfaatli o‘zbek-qirg‘iz hamkorligini mustahkamlashdagi xizmatlari e’tirof etilgani uchun samimiy minnatdorlik va chuqur hurmatni izhor etdi.