O‘zbekiston-Ozarbayjon: Azaliy do‘stlik va hamkorlik rishtalarining mustahkam poydevoriga asoslangan faol muloqot
Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 22-23 avgust kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.
Ozarbayjon – mamlakatimizning Janubiy Kavkazdagi strategik hamkori va qardosh davlat hisoblanadi. O‘zbekiston va Ozarbayjon qadimiy va yangi tarixda hamisha yaqin hamkorlik olib borgan bo‘lib, do‘stona munosabatlarni saqlab kelmoqda.
O‘zbekistonning xalqaro hamkorlari orasida Ozarbayjonning alohida o‘rni borligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi oliy va boshqa darajadagi faol muloqotdan dalolat beradi.
2022 yilda Ozarbayjon Prezidenti O‘zbekistonga uch marta – iyun oyida davlat tashrifi bilan, sentyabr oyida SHHTga aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun va noyabr oyida esa Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun keldi.
O‘z navbatida, davlatimiz rahbari 2023 yilda Ozarbayjonga uch marta, jumladan, mart oyida Qo‘shilmaslik harakatining Boku shahrida bo‘lib o‘tgan muloqot guruhi sammitida ishtirok etish, avgust oyida davlat tashrifi bilan va noyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi (SPEKA)ning Boku shahridagi birinchi sammitda ishtirok etish uchun tashrif buyurdi. O‘zbekiston Prezidenti 2024 yil 5-6 iyul kunlari Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ham ishtirok etdi.
O‘zaro tashriflar almashinuvi ikki tomonlama munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishda muhim omil bo‘layotir. Natijada o‘nlab hujjatlar, jumladan, Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi deklaratsiya va Oliy davlatlararo kengashni tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘z mintaqalarida ulkan salohiyatga va asosiy geostrategik joylashuvga ega bo‘lib, bugungi kunda bir-birlari uchun iqtisodiy jihatdan istiqbolli sheriklarga aylandi, bu esa munosabatlarni kengaytirishga bo‘lgan o‘zaro qiziqishning ortib borayotganini tasdiqlaydi. 2017 yildan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5,5 barobardan ziyodga oshdi. Joriy yilning yanvar-iyun holatida esa ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga o‘sishga erishdi.
Iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2020 yilda O‘zbekiston-Ozarbayjon Ishbilarmonlar kengashi tuzildi. 2023 yilda ikki davlatdagi eng istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston-Ozarbayjon qo‘shma investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.
Ozarbayjon kapitali ishtirokida savdo, mashinasozlik va metallga ishlov berish, moliya va sug‘urta, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalar, energetika, xizmat ko‘rsatish, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan 240 ta korxona O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Har ikki davlat transport sohasida ham hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bunga tarixiy xalqaro savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan mamlakatlarimizning o‘z strategik o‘rinlarini uzoq muddatli iqtisodiy manfaatlarga aylantirish istagi sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, ishonchli logistika infratuzilmasini yaratish va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish o‘zaro aloqalarning strategik tarkibiy qismlari hisoblanadi. Mamlakatlarimiz bu vazifaga o‘z iqtisodiyoti yuksalishining muhim omili sifatida qaraydi.
O‘zbekiston bugun milliy tovarlarning jahon bozoriga chiqishini taʼminlovchi “Boku-Tbilisi-Kars” temir yo‘li imkoniyatlaridan faol foydalanmoqda. Ozarbayjon tomoni “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi, uning amalga oshirilishi aloqalarni sezilarli darajada kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda Bokudan Toshkent, Samarqand, Urganch va Farg‘onaga yo‘lga qo‘yilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2019 yildan boshlab O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida hududlararo hamkorlik faollashdi. Ikki mamlakat hududlaridan delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari muntazamlik kasb etayotir.
Hozirgi zamonaviy bosqichda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy-gumanitar almashinuvlarni rivojlantirishda din, til, madaniyat va anʼanalarning tarixiy mushtarakligi muhim o‘rin tutadi.
Boku shahrida Alisher Navoiy, Toshkent shahrida esa Nizomiy Ganjaviy va Haydar Aliyev haykallari o‘rnatilgan. O‘zbekiston davlat pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomi bilan ataladi, Ozarbayjonda esa Alisher Navoiy nomidagi qishloq bor.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2023 yilda Fuzuliy shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi 960 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy maktab barpo etilgani mustahkam do‘stlik va hamjihatlikning yana bir belgisi bo‘ldi.
Do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga bugun O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan ozar millati vakillari ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Ularning madaniyati va anʼanalarini asrab-avaylash maqsadida mamlakatimizda Ozarbayjon madaniyat markazlari uyushmasi tashkil etilgan.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi serqirra va samarali aloqalar bugungi kunda o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish yo‘lini ishonch bilan davom ettirish imkonini beruvchi mustahkam poydevorga ega. Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar ushbu jarayonga qo‘shimcha surʼat bag‘ishlashi barobarida, ikki tomonlama munosabatlarni yangi va yuqori ittifoqchilik darajasiga ko‘tarishga xizmat qiladi.