Oʻzbekiston Prezidenti va Turkmaniston Prezidenti telefon orqali soʻzlashdilar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 30-dekabr kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Ikki qardosh mamlakat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladilar.
Joriy yil noyabr oyida Turkmaniston Prezidentining Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkentda oʻtgan ikkinchi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlar mustahkamlangani, eksport-import amaliyotlari hajmining oshgani, energetika, qishloq xoʻjaligi, sanoat va transport sohalarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani ikki tomonlama hamkorlikning muhim natijalari sifatida eʼtirof etildi.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi.
Suhbat chogʻida mintaqaviy hamkorlik va xalqaro siyosatga doir masalalar ham muhokama qilindi.
OʻzA