Ochiqlik, konstruktivlik va pragmatik yondashuv. O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida tashqi siyosatda qanday muvaffaqiyatlarga erishmoqda
Mamlakatimiz milliy manfaatlarini ilgari surish, Markaziy Osiyoni barqarorlik, xavfsizlik va taraqqiyot mintaqasiga aylantirishga qaratilgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning izchil, chuqur o‘ylangan tashqi siyosiy kursini amalga oshirish bo‘yicha faol ishlar joriy yilda izchil davom ettirildi. Davlatimiz rahbari keng ko‘lamli islohotlar va modernizatsiyalashning dinamik jarayonlarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, O‘zbekiston fuqarolarining huquq hamda manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, mamlakatning xalqaro iqtisodiy aloqalar tizimidagi o‘rni va rolini mustahkamlash, davlatning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi hamda ijobiy imijini kuchaytirishni O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy maqsadlari sifatida belgilab berdi.
Murakkab, tez o‘zgaruvchan global jarayonlar, xalqaro munosabatlar va jahon iqtisodiyotidagi yangi tahdidlar, shuningdek, mintaqadagi g‘ayrioddiy vaziyat sharoitida O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosatini amalga oshirishda sezilarli natijalarga erishildi.
Alohida e’tibor davlat rahbarining topshiriqlari va O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini bajarishga qaratildi.
Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya hamda Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq, islom dunyosidagi boshqa sherik mamlakatlar bilan munosabatlarning kun tartibi sezilarli darajada boyitildi.
Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalar ancha jadallashdi. 2019-yilda 18 ta oliy darajadagi tashrif amalga oshirildi. Bular — Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindiston, Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Belarus, Ozarbayjon, Yaponiya va Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirgan davlat hamda rasmiy tashriflari. Ayni paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Koreya Respublikasi, Germaniya davlat rahbarlari, Yevropa Ittifoqi rahbari, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar hukumat rahbarlari mamlakatimizga tashrif buyurdilar.
Oliy va yuqori darajadagi tadbirlar doirasida 122 ta ikki tomonlama hujjat imzolanib, ulardan to‘rttasi davlatlararo bitim, 31 tasi hukumatlararo bitim, shuningdek, 35 tasi tashkilotlar va mintaqalar orasida imzolangan boshqa hujjatlardir.
2019-yil yakunida, 17-20-dekabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Yaponiyaga rasmiy tashrif buyurdi. Bu tashrifni o‘ta samarali, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida o‘zaro ishonchni va davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda yangi sahifani ochgan voqea sifatida baholash mumkin. Tashrif dasturining tadbirlarga boyligi va uning davomida umumiy qiymati 6,5 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lgan 48 ta bitim va shartnomaning imzolanishi mamlakatimizning ochiq va chuqur o‘ylangan tashqi siyosiy faoliyatining muvaffaqiyatini hamda respublikamizning milliy manfaatlariga yo‘naltirilganini namoyon qildi.
Tashqi ishlar vazirligi xorijiy davlatlar bilan turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 90 ga yaqin dasturlarni amalga oshirmoqda. 2019 yil dekabr oyida Vazirlar Mahkamasi 2019-2022-yillarda O‘zbekiston va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun 52 ta yangi “yo‘l xaritalari”ni tasdiqladi.
Markaziy Osiyoda siyosiy ishonch va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekiston Prezidentining yangi yo‘nalishi hayotga tatbiq etilmoqda. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda yillar davomida hal etilmagan ko‘plab muammolar bosqichma-bosqich yechilmoqda.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va rivojlantirish g‘oyalari hayotga tatbiq etildi. Mamlakatimizning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan do‘stona, ishonchli hamda qardoshlik munosabatlari barcha darajada jadal kengaymoqda va mustahkamlanmoqda.
2019-yil uchun asosiy tashqi siyosiy tadbir, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan asos solingan va joriy yil 29-noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi bo‘ldi. Sammitda mamlakatlar rahbarlari muntazam ravishda maslahat uchrashuvlarini “mintaqadagi hamkorlikning dolzarb masalalarini va umumiy muammolarni hal qilishda konstruktiv va ochiq muhokama qilish uchun muzokaralar maydoni sifatida” tashkil etishga kelishib oldilar.
Ushbu sammit, avvalambor, davlatimiz rahbarining shaxsan qo‘shgan hissasi tufayli do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, keng qamrovli hamkorlik, o‘zaro hurmat va ishonch muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Maslahat uchrashuvi arafasida vazirliklar va ekspertlar darajasida puxta tayyorgarlik ishlari olib borildi. Toshkentda ko‘p tomonlama muhim tadbirlar amalga oshirildi. Ular qatorida Markaziy Osiyo davlatlari Bosh vazir o‘rinbosarlari va ushbu besh mamlakatning 200 dan ortiq davlat organlari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida birinchi Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlarga avvalroq tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda o‘zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro konferensiya asos bo‘ldi. Unda 30 mamlakatdan 100 dan ortiq siyosatshunos va rasmiylar ishtirok etdi.
2019-yilda “Hindiston + Markaziy Osiyo” shaklida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishning yangi mexanizmi ishga tushirildi. Samarqandda Afg‘oniston ishtirokida tashqi ishlar vazirlari darajasida ushbu shakldagi birinchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasida “Markaziy Osiyo + Afg‘oniston” forumi muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Joriy yil davomida O‘zbekiston jahon hamjamiyati diqqat markazida bo‘lib kelayotgan yirik tadbirlarni o‘tkazdi. Ular orasida Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilinishi alohida o‘rin tutdi. Forum davomida BMT Bosh Assambleyasining Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasi loyihasi kelishib olindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yaratilgan BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondining loyihalarini moliyalashtirish uchun Norvegiya tomonidan — 1,2 million yevro, Yevropa Ittifoqi tomonidan esa 5,2 million yevro ajratildi.
O‘zbekistonning konstruktiv faoliyati xalqaro tuzilmalar, avvalambor, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti doirasida kengayib bormoqda. Yevropa Ittifoqi bilan ko‘p qirrali muloqot va hamkorlik faol rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 25 ta dastur amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining dunyo hamjamiyati tomonidan katta e’tibor va qo‘llab-quvvatlangan qator xalqaro tashabbuslari amalga oshirildi.
Shunday qilib, 2019-yilda o‘zbek diplomatiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining ikkita yangi rezolyutsiyasini — “Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish”, shuningdek “Orol dengizini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish”ni qabul qilishni ta’minladi.
YUNESKO bilan hamkorlik faollashdi, Toshkent global miqyosda “Ta’limni qo‘llab-quvvatlovchi namunaviy shaharlar” tarmog‘iga qo‘shildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida YuNESKOning Dinlar tarixini o‘rganish kafedrasi faoliyati qayta tiklandi.
Yana bir e’tiborli voqea — 15-oktabr kuni Bokuda bo‘lib o‘tgan sammitda O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining to‘laqonli a’zosi bo‘ldi. Bu, shubhasiz, turkiy tilli davlatlar o‘rtasida iqtisodiyot, investitsiya, fan va innovatsiya, yuqori texnologiyalar, ekologiya, transport va turizm kabi ustuvor sohalardagi hamkorlikning kengayishiga muhim turtki beradi.
Qadimiy madaniyatga ega va islom tamadduni rivojiga alohida hissa qo‘shgan O‘zbekistonning o‘rni va rolini inobatga olgan holda, mamlakatimiz Islom hamkorlik tashkiloti doirasida faol hamkorlik qilmoqda. O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan Toshkentda mintaqada birinchi Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilmoqda.
Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Xivani “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti”, Islom hamkorlik tashkiloti — Buxoroni “Islom dunyosining madaniy poytaxti” deb e’lon qildi.
Muhim tashqi siyosat masalalarini hal etishda parlament diplomatiyasining mustahkamlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Misr bilan parlamentlararo hamkorlik guruhi tuzilgan, Kuvayt Milliy majlisi, Rossiya Davlat dumasi va Germaniya Bundestagi delegatsiyalari O‘zbekistonga, Oliy Majlis Senati delegatsiyalari esa Shvetsiya va Norvegiyaga tashrif buyurdi.
Iqtisodiy diplomatiya O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim tarkibi sifatida tasdiqlandi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish tufayli xorijiy investitsiyalar va yangi texnologiyalarni jalb etish, O‘zbekistonga sayyohlar oqimini kengaytirish, milliy mahsulotlarni jahon bozorlariga eksport qilishni oshirish, xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirish va boshqa infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlar samaradorligi oshdi.
2019 yilda O‘zbekiston diplomatik missiyalarida 1200 dan ortiq biznes forumlari o‘tkazildi. Xorijiy ishbilarmon doiralar vakillari va xorijiy investorlarning O‘zbekistonga 3000 dan ortiq tashriflari tashkil etildi, mamlakatimiz iqtisodiy institutlarining xorijga 1100 dan ortiq tashriflari amalga oshirildi.
Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Vengriya, Birlashgan Arab Amirliklari, Avstriya, Germaniya va boshqa davlatlar bilan 29 ta hukumatlararo komissiyalarning uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, elchilarimizning o‘zlariga biriktirilgan mamlakatimiz hududlariga 170 dan ortiq amaliy tashriflari tashkillashtirildi.
Davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashriflari davomida elchixonalar tomonidan qishloq xo‘jaligi, sanoat, kommunal xo‘jaligi, qurilish, tibbiyot, farmatsevtika, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda umumiy qiymati 5,25 milliard dollarlik 256 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqildi.
Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning 18 ta elchixonasi Namangan viloyatiga biriktirildi. Ayni paytda hokimiyat bilan yaqin hamkorlikda umumiy qiymati 1,67 milliard dollarga teng 200 dan ortiq investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 300 million dollar o‘zlashtirildi.
Jumladan, 7-8-iyun kunlari Namangan shahrida Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalar ko‘magida 40 mamlakatdan 350 nafar xorijiy biznes vakillari ishtirokida birinchi yirik xalqaro investitsiya forumi tashkil etilib, 358 million dollarlik 48 ta investitsiya va eksport shartnomalari imzolandi.
2019-yilning 11 oyi mobaynida diplomatik vakolatxonalarimiz joylashgan mamlakatlarga O‘zbekiston Respublikasi mahsulotlarini eksport qilish 19,2 foiz oshdi va 10,2 milliard AQSh dollariga yetdi.
O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini yuksaltirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Sayyohlik vizasini olishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llaniladigan davlatlar soni 77 taga yetdi.
Xorijiy mamlakatlardan 13 ta jamoatchilik va madaniyat arboblari O‘zbekiston sayyohlik brendining elchilari etib tayinlandi. Xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan 8 ta “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Xorijdagi 50 ta sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalarining ishtirok etishiga yordam ko‘rsatildi. Natijada shu davr ichida turistlar soni 27,1 foiz oshib, 6,23 million kishini tashkil etdi.
Ta’lim sohasida xorijiy davlatlar bilan almashinuvlar va hamkorlik tobora kengayib bormoqda. 2019-yilda O‘zbekistonda Prezident farmonlari va hukumat qarorlari bilan xorijiy ta’lim muassasalarining 10 ta filiali tashkil etildi.
Davlat tashqi siyosatining qonunchilik asoslari takomillashtirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasi to‘g‘risidagi, Diplomatik xizmat to‘g‘risidagi qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda hududiy boshqarmalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident Farmoni loyihasi ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash konsepsiyasi yaratildi.
Xalqaro shartnomalar to‘g‘risida, Konsullik nizomini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonunlar, shuningdek, “Xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarga xizmat ko‘rsatishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
Mintaqaviy va universal tashkilotlar doirasida yakunlanayotgan yilda O‘zbekiston 11 shartnomani imzoladi va 28 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qildi hamda qo‘shildi.
Chet elda O‘zbekiston fuqarolariga konsullik idoralari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari va huquqiy yordam tizimini takomillashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilgan fuqarolarimizga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida fuqarolar bilan elektron aloqaning yangi “Interfaol konsullik xizmatlari” axborot tizimi joriy etildi.
2019 yilda Aqtau, Olmaota, Vladivostok, Qozon, Rostov-Donda O‘zbekistonning Bosh konsulxonalari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasiga vizasiz tartib o‘rnatilgan mamlakatlar ro‘yxati 86 tagacha kengaytirildi. 57 mamlakat fuqarolari elektron viza olish uchun murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi, investorlar uchun uch yilgacha bo‘lgan ko‘p sonli kirish vizalarining yangi toifasi “Investment visa” joriy etildi.
O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 500 dan ortiq turli tadbirlarni tashkil etdi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda vatandoshlarimiz orasidan yuqori malakali mutaxassislarni O‘zbekistonda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi ijtimoiy-siyosiy va ekspert doiralari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida 2019-yilgi parlament saylovlariga tayyorgarlik va uni o‘tkazish bo‘yicha keng qamrovli axborot ishlari olib bordi. Jahon hamjamiyatining O‘zbekistonga qiziqishi sezilarli darajada oshgani natijasida, mamlakatimizga 700 dan ortiq xalqaro kuzatuvchilar, shu jumladan, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘laqonli delegatsiyasi tashrif buyurdi.
O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari tomonidan fuqarolarimizning xorijiy davlatlardagi konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, ularning ovoz berish jarayonida o‘z xohish-irodalarini erkin bildirishlari uchun barcha zarur shart-sharoitni yaratish bo‘yicha puxta ish olib borildi.
Umuman olganda, 2019-yilda O‘zbekiston pragmatik, konstruktiv va moslashuvchan yondashuvlarni qo‘llab, faol, tashabbuskor tashqi siyosat olib bordi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan tashqi siyosatimiz mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘sini va imijini sezilarli darajada oshirishga, keng doiradagi davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan yaqin aloqalar, ochiq muloqot va strategik sheriklik o‘rnatish hamda mustahkamlashga yordam berdi.
Markaziy Osiyoda umumiy siyosiy va iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, xavfsizlikka tahdid va xatarlarni kamaytirish asosiy natijalardan biri bo‘ldi. Bularning barchasi O‘zbekiston Respublikasini yanada jadal rivojlantirish va ortga qaytmas keng ko‘lamli islohotlar kursini davom ettirish uchun juda muhim hisoblanadi.
Abdulaziz Kamilov
“Xalq so‘zi” gazetasi
2019-yil 29-dekabr