Yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish davri boshlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq yurtimizda kadrlar muammosi borligini qayd etgan edi. Ko‘p o‘tmay bu masalani tag zaminidan o‘rganish va hal etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi.
Avvalo, maktabgacha ta’lim tizimi rivojlantirilib, poydevor mustahkamlandi. O‘quv dargohlariga, pedagoglarga e’tibor kuchaydi. Oliy ta’lim sohasida ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu tizimlarni 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha konsepsiyalar ishlab chiqildi.
Bilimli bolalarni aniqlab, chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitish, talab yuqori bo‘lgan sohalarga yo‘naltirish maqsadida ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab shunday ta’lim maskanlaridan biridir.
Ma’lumki, VIII-IX asrlarda yashab ijod etgan ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiy matematika, geometriya, astronomiya, tarix, geografiya va boshqa fanlarga doir ko‘plab risolalar yozgan. U “nol” raqamini va o‘nlik sanoq tizimini hamda qutblar koordinatalarini birinchilardan bo‘lib asoslab bergan va amaliyotga tatbiq etgan. Muhammad al-Xorazmiy algebra faniga va algoritmlashtirish nazariyasiga asos solgan, ilmiy ma’lumot va traktatlarni bayon etishning aniq qoidalarini ishlab chiqqan.
O‘nlik sanoq tizimi, algebra va algoritmlashtirish yo‘nalishlarida dunyo ilm-fani rivojidagi xizmatlari umume’tirof etilgan Sharq olimlari orasida faqat Muhammad al-Xorazmiyning asarlari va nomi ilmiy davralarda faol qo‘llab kelinayotgan “algoritm” va “algebra” kabi zamonaviy ilmiy atamalarda abadiylashtirildi. Bugungi kunda yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bajarilayotgan barcha hisoblash amallariga buyuk olim Muhammad al-Xorazmiyning ilmiy kashfiyotlari asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yili mazkur maktab qurilishiga doir loyihalar bilan tanishgan edi. Yaqinda poytaxtimiz Toshkentda ushbu zamonaviy dargoh foydalanishga topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 27-dekabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ushbu bilim muassasasi bilan tanishdi.
Maktabda keng sharoitlar, fan kabinetlaridan tashqari darslar hamda fakultativ mashg‘ulotlarni innovatsion usullarda o‘tish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan. Artel, UCell, ZTE va Huawei kompaniyalarining maxsus sinflari ochilgan.
Shavkat Mirziyoyev ushbu sinflar, bu yerdagi sharoit, asbob-uskunalar bilan tanishdi, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.
– Hamma ishlarimiz, islohotlarimiz O‘zbekistonning ertangi kuni uchun. Kelajagimiz zamini esa – siz, yoshlar. Ko‘zlaringizdan ko‘rib turibman: sizlar bilimli, Vatanimizga munosib farzand bo‘lib yetishasizlar. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratib beramiz, – dedi Prezident.
Mutasaddilarga shu kabi ilg‘or binolar andozasi asosida maktablarning qurilish loyihalarini o‘zgartirish, metodologiyani mustahkamlash orqali ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
– Al-Xorazmiy bobomizning tafakkuriga dunyo hamon qoyil qoladi. Bugungi texnologiyalar, dasturiy mahsulotlarga u yaratgan algoritm asos bo‘lgan. Siz bundan faxrlanishingiz, buyuk ajdodimizdek qunt bilan o‘qib, doim izlanishingiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari yoshlarga qarata.
Maktabda o‘quvchilar zamonaviy mobil va kompyuter dasturlarini o‘rganishi, o‘z ustida ishlab, tajriba oshirishi uchun robototexnika va elektronika xonalari, innovatsion va virtual laboratoriyalar tashkil etilgan.
Prezident ushbu bilim dargohida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi IT-park bo‘linmasini tashkil etish, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham shunday markazlar ochib, bu sohaga qiziqqan yoshlarga keng sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidladi.
– Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yaxshi bilgan bola ko‘chada bekor yurmaydi, nima bilandir mashg‘ul bo‘ladi. Yoshlarimizni shunday bilimli mutaxassislar etib tarbiyalasak, oilasiga, davlatga nafi tegadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yilda maktabning 5-11 sinflariga 680 nafar o‘quvchi matematika va chet tili sinovlari asosida qabul qilindi. Pedagogik jamoaga Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya va Hindistondan o‘qituvchilar jalb etilgan.
Shundan so‘ng Prezidentimiz Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab konferens-zalida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yig‘ilishni videokonferensaloqa shaklida mamlakatimizning barcha hududlaridagi yoshlar, mutasaddi rahbarlar kuzatib bordi.
Keyingi yillarda Yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi tuzildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilib, 30 iyun Yoshlar kuni etib belgilandi. Hozirda Ittifoqqa a’zo bo‘lgan yoshlar soni 7 million 690 ming.
Bugungi kunda barcha sohalarda bilimli, siyosiy va ijtimoiy faol, xalq manfaatini o‘z shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yadigan, halol va jonkuyar yosh rahbarlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Dunyoqarashi keng, kreativ fikrlaydigan, muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan yoshlar mas’uliyatli vazifalarga tayinlanayapti.
Joylarda 8 nafar yosh avlod vakillari hokim o‘rinbosari etib tayinlangan. Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 9 nafar yigit-qiz saylangan, mahalliy kengashlarda g‘alaba qozonganlarning qariyb 10 foizini yoshlar tashkil etadi.
Bundan tashqari, davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida jonbozlik ko‘rsatib, mamlakatimizning xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirishga hissa qo‘shayotgan 84 nafar yoshlar “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan.
– Yoshlar orasida “Men Sizning yoningizda turib, kamarbasta bo‘laman!” deb ko‘zi yonib turgan, bilimli, jasoratli yigit-qizlar borligiga ishonaman. Yetakchilikning, o‘z ortidan ergashtirishning eng to‘g‘ri yo‘li shaxsiy o‘rnak va namuna bo‘lishdir, – dedi Prezident.
Uchrashuvda yoshlar hayotidagi muammolar, dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Yurtimizda yosh rahbarlarni saralaydigan, ularning layoqatiga mos lavozimlarni taklif etadigan samarali mexanizm mavjud emasligi qayd etildi.
– Rahbarlik lavozimlariga har tomonlama munosib, tashabbuskor, menga tayanch va suyanch bo‘la oladigan yoshlarni jamlaydigan “Vatan iftixorlari” institutini joriy etsak, sizlar nima deysizlar, – dedi davlatimiz rahbari. – Bu institutning asosiy vazifasi islohotlarimiz va katta rejalarimizni yoshlarga yetkazish, joylardagi muammolarni ko‘tarish va ularni hal qilishdan iborat bo‘ladi.
Globallashuv sharoitidagi xavf-xatarlar va mafkuraviy xurujlar haqida so‘z borar ekan, Prezident ma’rifatparvar bobomiz Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir. Sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir”, degan so‘zlarini yodga oldi.
Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik, oilaviy ajralishlarning oldini olish bo‘yicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda viloyat, tuman, shahar hokimlari va boshqa rahbarlar yoshlar siyosati masalasiga e’tiborni yanada oshirishi lozimligi qayd etildi. Jumladan, jamiyatda yoshlarning roli va obro‘sini ko‘tarish, ularga qulay sharoit yaratish, yoshlar tashkilotlari orqali yosh avlod muammolari ichiga chuqurroq kirish va ularni hal etish zarurligi ta’kidlandi.
– Har bir hokim, tuman yoki viloyat hokimi bo‘lishidan qat’i nazar, sektor rahbarlari bilan birgalikda yoshlar masalasini o‘zi uchun ustuvor vazifa qilib olmas ekan, joylarda bu boradagi ishlarimizning natijasi samarali bo‘lmaydi, – dedi Prezidentimiz.
Avvalo, “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari tajribasini davom etirib, har haftaning bir kunini Yoshlar masalalarini yechish kuni, har 15 kunda ikki kunni faqat yoshlar bilan ishlash kuni etib belgilash lozimligi ta’kidlandi.
Hokimlar va mutasaddi rahbarlar yoshlarning muammolari bilan tanishib, har oyda bir marta mahalliy kengashlar sessiyalarida ularni muhokama qilishi, xalq vakillariga hisobot berishi zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilar yoshlarning bandligi, uy-joy ta’minoti, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, ta’lim olishga va kasb o‘rganishga bo‘lgan talabini doimo o‘rganib, yechim topishi kerak. Yoshlar murojaatlarini qayd etish va tahlilini yuritish masalalariga alohida e’tibor berib, aniq choralar ko‘rishi shart.
Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning har bir yo‘nalishini tuman va shaharlarda tizimli amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
O‘tgan yili mamlakatimizda buyuk alloma Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu tajriba asosida fizika bo‘yicha Ahmad Farg‘oniy, kimyo fani bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy, biologiya bo‘yicha Abu Ali ibn Sino, astronomiya bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek nomlaridagi xalqaro fan olimpiadalari tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligi tashkil etish tashabbusi yig‘ilganlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Yoshlar auditoriyasiga yo‘naltirilgan tele- va radiokanallar, bosma nashrlarni birlashtirib, “Yoshlar media xoldingi” tashkil etish taklifi ham bildirildi.
– Yangi O‘zbekistonni albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi, – dedi Prezident.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Davlatimiz rahbari ularning takliflari bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
O‘zA