Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga bo‘lajak tashrifi to‘g‘risida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening taklifiga binoan 2019-yil 17-20-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe, Parlamentning Maslahatchilar palatasi prezidenti Akiko Santo, Parlamentning Vakillar palatasi spikeri Tadamori Osima, Bosh vazir oʻrinbosari, moliya vaziri Taro Aso bilan muzokaralar boʻlib oʻtadi. Tomonlar Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlarini, shu jumladan, istiqbolda rivojlantirishning uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qiladilar, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Yaponiya Imperatori Naruxito tomonidan qabul qilinadi.
Tashrif dasturidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Sinichi Kitaoka, yetakchi sanoat va moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻrin olgan. Mamlakatlarimiz ishbilarmonlik doiralari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, Yaponiya kompaniyalari vakillarini Oʻzbekistondagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oʻzaro manfaatli shartlarda jalb qilish masalalarini koʻrib chiqish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Yaponiyaning eng muhim iqtisodiy markazlaridan biri – Nagoya shahriga tashrif buyurib, shaharlar va taʼlim muassasalari oʻrtasida sheriklik aloqalarini oʻrnatish istiqbollarini muhokama qilish uchun Aichi prefekturasi gubernatori Xideaki Omura, shahar meri Takasi Kavamura, Nagoya universiteti rektori Seyichi Matsuo bilan uchrashadi.
Muzokaralar natijasi boʻyicha Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish toʻgʻrisida Qoʻshma bayonot qabul qilinishi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, bojxona, turizm, ilmiy-texnik va boshqa sohalardagi hamkorlikning shartnoma-huquqiy asosini mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.