Xorijdagi o‘zbekistonliklar konsullik ro‘yxatidan o‘tmasdan turib saylovda qatnashishlari mumkin
Xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari konsullik ro‘yxatiga kirmasdan turib ham 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlarda ovoz berishlari mumkin. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov O‘zAga ma’lum qildi.
Avvalgi amaliyotda, xorijdagi saylovchilar ro‘yxatiga faqatgina konsullik ro‘yxatiga kirgan fuqarolar kiritilar edi. Masalan, 2014 yilgi parlament saylovlarida 13 ming 280 fuqaro saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan.
Shu maqsadda O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilk bor ishlab chiqildi. Yangi Nizomga muvofiq xorijdagi saylov uchastkalari bo‘yicha saylovchilarning ro‘yxatlari diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasalari rahbarlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tuziladi.
Fuqarolar xorijdagi uchastka saylov komissiyasiga yozma shaklda yoki Tashqi ishlar vazirligi rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda xorijdagi saylov uchastkasining saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi murojaatini berishi mumkin. Bu murojaat saylovga o‘n besh kun qolgunga qadar berilishi kerak.
Buning uchun ular ism-sharifi, tug‘ilgan sanasi, O‘zbekistondagi oxirgi doimiy yashash manzili, chet davlatdagi yashash manzili, bog‘lanish uchun telefon raqamlari va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini ko‘rsatishi kerak.
Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, saylovchilar ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritilgan saylovchilar haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirgan holda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun taqdim qiladi. Ya’ni «fuqaro xorijda ovoz berdi» degan yozuv kiritiladi. Bu bilan «bir saylovchi — bir ovoz» tamoyiliga amal qilinadi.
Diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xorijda yashayotgan fuqarolarni xorijdagi saylov uchastkasi to‘g‘risida, O‘zbekiston fuqarolarini xorijdagi saylov uchastkasi saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi va muddatlari to‘g‘risida, muddatidan oldin ovoz berish kunlari va saylov kuni to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari yoki boshqa yo‘llar bilan xabardor qiladi.
Fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida saylov qonunchiligidagi ovoz berishning ayrim turlari umumlashtirildi. Ya’ni, xorijda zich holda yashaydigan yoki ishlaydigan saylovchilarga xorijdagi saylov uchastkasining binosidan tashqarida ko‘chma saylov qutilaridan foydalanilgan holda turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish tashkil etilishi mumkin.
Saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishi xorijdagi uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi ishtirokida amalga oshiriladi va bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi.
Xorijiy davlatlardagi fuqarolarning saylovda ishtiroki bo‘yicha YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyalari ham bir qator fikrlar va tavsiyalarini bildirgan.
Xususan, Byuro missiyasining 2014, 2015 va 2016 yillarda bo‘lib o‘tgan saylovlarni kuzatish bo‘yicha xulosalarida O‘zbekiston hududidan tashqarida bir necha million fuqarolar borligi va ularning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashning huquqiy asoslari yetarli emasligi ta’kidlangan. Xorijdagi fuqarolar ham saylash huquqlaridan keng foydalanishlari uchun qonunchilikka muvofiq yetarli darajada sharoit yaratish maqsadga muvofiqligi qayd etilgan.
«Газета.uz»