BMT shafeligida xalqaro anjuman
Nukus shahrida BMT shafeligida “Orolboʻyi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” mavzuida xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi.
Anjumanda ishtirok etgan 200 dan ortiq mehmon – xorij davlatlari diplomatik korpuslari, xalqaro ekologik tashkilotlarning vakillari, soha mutaxassislari avval Orol inqirozi oqibatlari, uni bartaraf qilish boʻyicha investitsion loyihalarga bagʻishlangan koʻrgazmalar bilan tanishdi.
Xalqaro anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Ochilboy Ramatov Prezidentimizning konferensiya ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatini oʻqib eshittirdi.
Shundan soʻng BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning anjuman ishtirokchilari yoʻllagan videomurojaati namoyish etildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Boriy Alixonov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kenesining Raisi Musa Yerniyazov, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Natalya German, BMT Bosh kotibi yordamchisi Abdulaye Dyeye, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi maxsus vakili Piter Burian soʻzga chiqdi.
Tadbirning asosiy maqsadi ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, yashil iqtisodiyot tamoyillarini, ekologik toza, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni kompleks amalga oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlaydigan texnologiyalarni joriy etish, choʻllanishning oldini olish, ekologik migratsiya va ekoturizmni rivojlantirishdir.
Orol dengizining qurishi milliy, hatto mintaqaviy chegaralardan tashqariga chiqadigan fojiadir. Shubhasiz, bu ekologik, iqlimiy, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar oqibatlarga olib keladigan, inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan eng katta global ekologik ofatlardan biri boʻlib, Oʻzbekiston va Orol dengizi mintaqasi mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga bevosita tahdid soladi, shuningdek, global ekotizimga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Orol dengizi fojiasi mintaqadagi iqlim sharoitini yomonlashtirdi.
Afsuski, Orol dengizini toʻliq tiklash endi mumkin emas, ammo u bilan bogʻliq salbiy oqibatlarni yumshatish mumkin. Orol dengizi inqirozining atrof-muhitga va Orol dengizi mintaqasida yashovchi millionlab odamlarning turmush tarziga halokatli taʼsirini kamaytirish, shuningdek, iqlim taʼsirining yanada yomonlashuvi oldini olish hozirgi zamonning eng muhim vazifasidir.
Konferensiyada Prezidentning uchta tashabbusini ilgari surish: Orolboʻyida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini tashkil etish konsepsiyasi loyihasi, Orolboʻyi mintaqasini “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha mintaqaviy dastur taqdimoti va muhokamasi oʻtkazildi.
Anjuman doirasida ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun sharoit yaratish, “yashil iqtisodiyot”, ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalar tamoyillarini kompleks tatbiq etish, choʻllanish va ekologik migratsiyaning davom etishiga barham berish va ekoturizmni rivojlantirish yoʻnalishlarida yigʻilishlar tashkil etildi.
OʻzA