Oʻzbekiston Prezidenti YUNESKO Bosh direktorini qabul qildi
2019-yil 26-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida BMTning taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni qutlar ekan, Oʻzbekiston va YUNESKO oʻrtasidagi konstruktiv muloqot izchil rivojlanib, sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Odri Azulening ushbu nufuzli xalqaro institut bosh direktori sifatidagi mazkur ilk tashrifi oʻtgan yili Parij shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvning mantiqiy davomi ekani, shuningdek, ustuvor yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasida tomonlarning intilishi qatʼiy ekanidan dalolat berishi taʼkidlandi.
Bugungi kunda YUNESKO tomonidan Oʻzbekiston uchun birinchi marta qabul qilingan Mamlakat dasturi doirasida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.
Xalqimizning noyob madaniy-tarixiy merosini asrash sohasida hamkorlik qilish va bu boradagi almashinuvlarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jahonning ilgʻor tajribasini chuqur oʻrganish va jalb etish maqsadida yurtimizda YUNESKO kafedralari tarmogʻi kengaymoqda. Oʻzbekistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida “Dunyo dinlarini qiyoslama tadqiq etish”, “Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi”, “Madaniyat turizmi” kabi kafedralar ochilmoqda.
YUNESKO koʻmagida mamlakatimizda “Sharq taronalari”, baxshichilik sanʼati, hunarmandchilik festivallari, Maqom sanʼati anjumani kabi qator yirik xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda.
Uchrashuvda keng koʻlamli sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, Jahon merosi qoʻmitasining navbatdagi sessiyasi yakunida erishilgan kelishuvlarni soʻzsiz amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekistonda madaniy meros obyektlarini rivojlantirish va asrash sohasidagi faol saʼy-harakatlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Bugun Samarqandda shu mavzuga bagʻishlab muvaffaqiyatli oʻtkazilgan qoʻshma xalqaro konferensiya natijalari yuksak baholandi.
Madaniyat, taʼlim va fan, gender siyosat yoʻnalishlarida hamda ekologiya, jumladan, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yoʻnalishida amaliy hamkorlik imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
YUNESKO Bosh direktori samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Yurtimizda boy madaniy merosni asrab-avaylash, turizm salohiyatini roʻyobga chiqarish, taʼlim va fan, atrof-muhit muhofazasi sohalarida muhim oʻzgarishlarni amalga oshirish borasidagi islohotlar ijobiy natijalar berayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
YUNESKO Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli sheriklikni bundan buyon ham rivojlantirish va mustahkamlashda qatʼiy ekani tasdiqlandi.
O'zA