URGANCh DEKLARATSIYASI “Inson – jamiyat – davlat” konstitutsiyaviy tamoyilini amalga oshirish: milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning
“Inson – jamiyat – davlat” konstitutsiyaviy tamoyilini amalga oshirish: milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning
URGANCh DEKLARATSIYASI
Biz, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” nodavlat notijorat tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida 2022 yil 20 iyun kuni Urganch shahrida o‘tkazilgan “Inson – jamiyat – davlat” konstitutsiyaviy tamoyilini amalga oshirish: milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari:
inson, uning hayoti, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligi tamoyili hamda “Davlat – inson uchun” va “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladi”, degan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha milliy va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan, mazkur tamoyillarni konstitutsiyaviy qonunchilik va amaliyotda mustahkamlash borasida fikr almashgan,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida inson huquqlari va qadr-qimmatini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish, ularni davlat va jamiyat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish kabi vazifalarni nazarda tutuvchi tegishli xalqaro va mintaqaviy hujjatlarini qo‘llab-quvvatlagan,
hozirda Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi ijobiy jarayonlar shiddat bilan davom etib, inson qadri ulug‘lanadigan va qonun ustuvorligi qaror topgan demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish borasida aniq maqsad va marralarga tadrijiy ravishda erishilayotganligini e’tirof etgan,
dunyo xalqlarining demokratik jihatdan rivojlanish tarixi har qanday islohot kuchli konstitutsiyaviy-huquqiy asosga tayansagina, ko‘zlangan ezgu maqsadlar va marralarga erishish mumkinligidan dalolat berishini ta’kidlagan,
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot, avvalambor, “Yangi O‘zbekistonga – yangilangan Konstitutsiya” lozim, deb hisoblayotganaholining keng qatlami va saylovchilar amri, xohish-irodasi, zamon talabi ekanligini e’tirof etgan holda,
inson qadrini yanada ulug‘lash, “Inson – jamiyat – davlat” konstitutsiyaviy tamoyilini hayotga tatbiq etish borasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiyaga quyidagi TAKLIF VA TAVSIYaLARNI bildiramiz:
Inson qadrini ulug‘lash, huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida:
• insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas va daxlsiz bo‘lib, har kimga tug‘ilganidan tegishli ekanligi va ularni ta’minlash – davlatning oliy maqsadi ekanligi;
• O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi;
• har bir inson o‘z shaxsini erkin rivojlantirish va uni amalga oshirish huquqiga egaligi, hech kimga qonunda belgilanmagan majburiyatlar yuklanishi mumkin emasligi;
• hech bir shaxs o‘ziga, o‘z turmush o‘rtog‘iga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi hamda qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa munosabat va jazoga tortilishi mumkin emasligi, shuningdek, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashga majburmasligi, ayblashga oid barcha shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozimligi;
• majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratilgan normalarni mamlakat konstitutsiyasida aks ettirish masalasini ko‘rib chiqish.
“Ijtimoiy davlat” g‘oya va tamoyillarini hayotga chuqurroq tatbiq etish maqsadida:
• jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik institutini o‘rnatish va rivojlantirish;
• “qashshoqlik chegarasi” va har qanday shaxsga (ayniqsa, nogironligi bor insonlar, pensionerlar, bolalar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtojlar) davlat tomonidan taqdim etilishi majburiy bo‘lgan hamda inson hayoti uchun zarur minimal tovarlar va xizmatlar to‘plamini nazarda tutuvchi “iste’mol savati”ni o‘rnatish;
• xususiy mulkning ijtimoiy javobgarligi”ni belgilash ;
• har bir shaxs ishsizlikda, nogironlikda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga egaligini belgilash, “eng kam iste’mol xarajatlari” tushunchasini kiritish;
• davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratishi, davlat pensiyalari, nafaqalari va ijtimoiy yordamning boshqa turlarini belgilash;
• davlat va jamiyat tomonidan yetim va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarning sog‘lom va barkamol rivojlanishining ta’minlanishi to‘g‘risidagi yangi konstitutsiyaviy normalarni kiritish.
O‘zbekiston xalqining Konstitutsiyada milliy o‘zlikni ifoda etish va ma’naviy taraqqiyotni jadallashtirish :
• tarixiy, ma’naviy va madaniy meros davlat muhofazasidadir, davlat va jamiyat milliy qadriyatlar va o‘ziga xos xususiyatlarning saqlab qolinishi va qo‘llab-quvvatlanishi uchun mas’ul bo‘lishi, O‘zbekiston xalqining madaniy merosini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish haqida g‘amxo‘rlik qilishini;
• davlat va jamiyat bolalar hamda yoshlarda azaliy milliy an’analarga va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat, buyuk ajdodlarning boy madaniy merosidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirishni, bolalar hamda yoshlarni ma’naviy va ahloqiy tarbiyalash uchun zarur sharoitlar yaratishini;
• nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishini alohida qayd etish, otalikning ham davlat tomonidan muhofaza qilinishini alohida ko‘rsatuvchi normalarni aks ettirish.
Uchinchi Renessans poydevorini yanada mustahkamlash borasida:
• pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ta’lim oluvchilarning bilimlarini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishlariga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘ymaslik;
• har kimga ilmiy va texnikaviy, badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqining kafolatlanishi;
• har kim tanlov asosida davlat ta’lim tashkilotlarida bepul oliy ma’lumot olish huquqiga ega ekanligi;
• umumiy o‘rta ta’limning majburiyligi kabi masalalarni mustahkamlab qo‘yish.
Adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘nalishida:
• fuqarolarning jamoat birlashmalari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
• fuqarolarning jamoat birlashmalariga uyushish huquqini yanada mustahkamlash;
• fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash.
Insonlarning ekologik huquqlarini ta’minlash maqsadida:
• atmosfera havosini umummilliy boylik sifatida tan olish;
• barcha fuqarolarning yashash uchun qulay atrof-muhitga va uning holati to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotga bo‘lgan huquqini kafolatlash. Har bir shaxs ekologik huquqbuzarlik natijasida sog‘lig‘iga va mulkiga yetkazilgan zararni undirib olish huquqiga ega bo‘lishi;
• insonlarning toza ichimlik suviga bo‘lgan huquqlarini mustahkamlash;
• barcha turdagi davlat ta’lim muassasalarida ekologik ta’limning majburiy ravishda o‘qitilishini ta’minlash kabi masalalarni Konstitutsiyada aks ettirish.
Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash maqsadida:
• inson huquqlari va erkinliklarining hurmat qilinishi va qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilinishi;
• har bir shaxs O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun inson huquqlari bo‘yicha milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilishga haqliligi;
• har bir inson shaxsiy hayotining daxlsiz bo‘lishi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega bo‘lishi;
• mulkdor mol-mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi;
• O‘zbekiston Respublikasida tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishini kafolatlashga qaratilgan normalarni kiritish.
Konstitutsiyaga millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan:
• O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda faoliyat yuritayotgan barcha diniy tashkilotlarning faoliyat erkinligini kafolatlash;
• davlat va diniy konfessiyalar o‘rtasida tinchlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikka asoslangan munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash;
• O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi vakolatlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzasini ko‘rib chiqishni;
• O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakilini saylash;
• O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mutlaq vakolatlariga xalqaro tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan hisobotlarni eshitish, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisini tayinlash hamda uni lavozimidan ozod etish;
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashini tuzish/shakllantirish va boshqarish/raislik qilish vakolatini berish kabi masalalarni hal etishga qaratilgan normalarni kiritish.
Xalqaro konferensiya tashkilotchilariga quyidagi TAVSIYaLARNI bildiramiz:
• ushbu xalqaro konferensiya materiallari asosidaInson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT va Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan tayyorlangan to‘plam, shuningdek, “Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi” ko‘p jildli kitobini xorijiy va xalqaro hamkorlar ko‘magida chop etish;
• konstitutsionalizmni rivojlantirish, takomillashtirish, kodifikatsiya qilish va yanada demokratlashtirish, qonunchilikni insonparvarlashtirish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va xalqaro anjumanlarni tashkil etish amaliyotini davom ettirish.
Biz, xalqaro konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda yaratilgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy shart-sharoitlar fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishdek konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish imkonini berayotganiga ishonch bildiramiz.
Inson qadrining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan ushbu xalqaro forumning barcha tashkilotchilari va ishtirokchilariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Xususan, xalqaro konferensiyaning yuksak darajada o‘tkazilishini ta’minlagani uchun Xorazm viloyati hokimligiga alohida minnatdorchilik izhor etamiz.
Urganch,
2022 yil, 20 iyun