O‘zbekistonning Afg‘oniston, Eron va Italiyada bo‘lib turgan yoki mazkur davlatlarga borishni rejalashtirayotgan fuqarolari diqqatiga
COVID-19 koronavirusinining O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatimiz Transport vazirligi Afg‘oniston Islom Respublikasi, Eron Islom Respublikasi va Italiya Respublikasi aviatsiya idoralari va kompaniyalarini 2020-yilning 1-mart kunidan boshlab mazkur davlatlar bilan aviaqatnovlarning vaqtinchalik to‘xtatilganligi to‘g‘risida rasman xabardor qildi.
O‘zbekiston tomoni koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatning barqarorlashishi bilan mazkur mamlakatlar aviakompaniyalarining mavjud slotlari qayta tiklanishiga kafolat berilishini tasdiqladi.
O‘zbekiston fuqarolariga Afg‘oniston, Eron va Italiyadagi holatning yaxshilanishiga qadar ushbu mamlakatlarga borishdan tiyilib turishlari tavsiya etiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda TIV xorijda, jumladan koronavirus bilan og‘rigan bemorlar aniqlangan davlatlar hududida bo‘lib turgan mamlakatimiz fuqarolariga zarur holatlarda O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi.