Sharq gavhari: Xiva shahri — Turk dunyosi madaniyati poytaxti
Xiva — osmono‘par minoralar, niliy gumbazlar, serjilo obidalarga boy mo‘‘jizaviy shahar. Dunyoga mashhur qadimiy kentdagi bu inshootlarga qarab, ularni bunyod etgan usta-me’morlarning, buyuk ijodkor ajdodlarimizning betakror san’atiga tahsin aytmasdan iloj yo‘q. Bu yerdagi har bir me’moriy obida muayyan bir davr mahsuli bo‘lib, unda o‘sha zamon madaniyati, muhiti, fan va texnika taraqqiyoti aks etgan. Bugun mazkur tarixiy obidalarni ko‘rish uchun dunyoning turli burchaklaridan minglab sayyohlar tashrif buyurmoqda.
Xivada qadimdan me’morlik, qurilish naqadar yuksak taraqqiy etganining yorqin ifodasi bo‘lgan 100 dan ortiq tarixiy me’moriy yodgorlik saqlanib qolgan.
2019 yil 14 sentyabrda O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. 15 oktabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VII sammitida ishtirok etdi. Bu yerda davlatimiz rahbari 2020 yilda Xiva shahri turk dunyosi madaniyati poytaxti deb e’lon qilinishi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga, abadiy do‘stligimizni mustahkamlashga katta hissa qo‘shishini ta’kidlagan edi.
2019 yilning 30 noyabr kuni Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY doimiy kengashining 37-majlisida 2020 yilda Xiva shahri Turk dunyosi madaniyati poytaxti deb e’lon qilindi.
Xiva shahriga bu maqomni berish taklifi 2018 yil sentabr oyida Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VI sammitida bildirilgan edi.
Xorazm zaminining durdonasi sanalgan Xiva yigirma besh asrdan ziyod tarixi davomida ne-ne bosqinlarni, istilolarni ko‘rmadi. Jahonni zir titratgan zolimlardan nom-nishon qolmadi. Ammo Xiva hamon go‘zal va navqiron.
Shaharning birgina Ichan qal’asida o‘nlab tarixiy obidalar bor. Jumladan, Muhammad Aminxon, Qutlug‘murod inoq madrasalari, Islomxo‘ja minorasi, Kaltaminor, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Toshhovli singari me’moriy yodgorliklar Xorazm me’morlik maktabining o‘ziga xos namunalari sanaladi.
Rivoyat qilishlaricha...
— Shaharning bunyod qilinishi to‘g‘risida xivalik Xudoyberdi Qo‘shmuhammad o‘g‘li o‘zining 1831 yilda yozgan “Dili g‘aroyib” asarida qiziqarli ma’lumotlar beradi, — deydi Ichan qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy kotibi, tarix fanlari nomzodi Komiljon Xudayberganov. – Uning yozishicha, qadimda Xorazmning 4-5 darvozali katta shaharlari ko‘p bo‘lgan. Ulardan biri Jurjoniya, biri Urganch, yana bittasi Ramul. “Ramul Som ibn Nuh tomonidan otasining kemasiga o‘xshatib qurilgan, — deb yozadi tarixchi. Hozir u Xivaq nomi bilan mashhurdir. Avvalgi nomi Ramul, ya’ni qumloq ekan. Som bir kuni ovdan keyin baland qirning ustida yotib uxlaydi va tush ko‘radi. Tushida o‘zining atrofida uch yuzta mash’ala yonib turganini ko‘radi. Uyg‘onib qarasa, mash’alalardan nishona ham yo‘q, atrofi qum. Ko‘rgan tushidan vaqti xush bo‘lib, shu joyni belgilab qo‘yadi va ikkinchi marta kelganida bu yerda qal’a devori qurdiradi. Qal’aning kun botish tarafida bir quduq qazdirib, suv chiqaradi. Ba’zilar Xivaqni bunga nisbat berurlar. Xolisi kalom, aytishlaricha, Xivaq ko‘p marta vayron bo‘lib, qaytadan tiklangan ekan”.
Rivoyatlarga ko‘ra, Xiva dunyoning eng ko‘hna qal’asidir. Chunki uning asoschisi butun dunyo to‘fonidan omon qolgan Hazrati Nuh payg‘ambarning o‘g‘li Som bo‘lgan.
Albatta, bu bir afsona bo‘lsa-da, uning asosida haqiqat uchqunlari yotganligini unutmaslik kerak. Chunki har bir rivoyatda muayyan haqiqat yashirindir.
XVI asr o‘rtalarida mamlakat poytaxti Xivaga ko‘chirilgandan keyin shahar tez rivojlana boshlaydi va aholisi ko‘payib, kichkina qal’adan tashqarida uy-joylar qurishga kirishiladi. Bu uylarda yashayotgan aholini himoya qilish maqsadida 1842 yilda Olloqulixon yana bir qal’a devori qurdiradi. Bu qal’a avvalgisini tashqaridan o‘rab olgani uchun eski qal’a ichkarida qoladi va Ichan qal’a (ichki, ichkari qal’a) nomini oladi. Yangi qal’a esa Dishan qal’a (tashqi qal’a) deb ataladi. Dishan qal’a devorining qurilishida xonlikdagi ishga yaroqli erkaklarning deyarli hammasi qatnashgan. Chunki 10 ta darvozali bunday ulkan qal’a devorining (uzunligi 6,5 kilometr) o‘ttiz kun ichida qo‘l kuchi bilan qurib bitkazilishi oson ish emas edi. Olloqulixon o‘zining tadbirkorligi va qattiqqo‘lligi evaziga bunga erishgan. Bu qal’aning qurilishi mamlakatda bayram tusini olgan, uning bitkazilishi sharafiga shoirlar ash’or bitganlar. Hozirda Dishan qal’adagi tarixiy me’moriy obidalar soni yetmishdan ziyod.
Xivaning dunyo miqyosidagi e’tirofi
Xivaning mo‘‘jizasi hisoblangan Ichan qal’a 1967 yilda O‘rta Osiyoda yagona qo‘riqxona shahar maqomini oldi. 1990 yilda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib YuNYeSKO Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ichan qal’aning umumiy maydoni 26 gektar, unda joylashgan tarixiy me’moriy obidalar soni esa 54 ta. Xiva shahrining jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan alohida o‘rnini hisobga olgan holda YuNYeSKO Bosh konferensiyasining 1995 yil oktabr-noyabr oylarida Parijda o‘tkazilgan 28-sessiyasida Xiva shahrining 2500 yilligini dunyo miqyosida keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. 1997 yil 20 oktyabrda bu sana keng nishonlandi.
Bugungi kunda Ichan qal’a mahallasidagi 350 xonadonda 2500 aholi yashaydi. Xivaliklar Pahlavon Mahmud maqbarasini Nuh payg‘ambar tomonidan shaharning o‘rtasiga tashlangan langar deb hisoblaydilar. Chunki maqbara katta peshtog‘ining o‘ng qanotidagi koshin naqshlarga kema tasviri tushirilgan. Toki bu maqbara bor ekan, Xiva shahri tinch turadi, degan qarash mavjud.
Xiva haqidagi ma’lumotlar keyingi ming yillikning ko‘plab tarixiy manbalarida uchraydi. Bir qator arab manbalarida Xiva Amudaryodan ajralib chiqqan Xeyvanik (Xeykonik) kanali bo‘yida qurilgan shahar ekani aytiladi. Shahar nomi shu kanal nomidan kelib chiqqan, degan taxminlar bor. Akademik Yahyo G’ulomovning ko‘rsatishicha, X asr arab olimi Istahriy “Xiva kanalidan Xivagacha kemalar qatnagan”, deb yozgan. Yahyo G’ulomov Xorazm hokimi Qutlug‘ Temurning 1349 yilda Shayx Sulaymon Haddodiy maqbarasiga yozgan vaqf hujjatida Xeykonik nomi birinchi marta uchrashini aytadi. Uning fikricha, Xeyvanik Xeykonik so‘zining buzib aytilgan shakli bo‘lsa kerak. Bu kanal keyinchalik Pahlavon yopi (arig‘i) nomini olgan.
Xivaning ayrim obidalarida o‘zbek xalqining ming yillik tarixidan guvohlik beruvchi alohida muzeylar tashkil etilgan. Ya’ni muzey-shahar muzeylar shahri hamdir. Ularning fondida Xorazmning qadimdan to hozirgi kungacha bo‘lgan boy tarixini aks ettiruvchi eksponatlar to‘plangan. 1920 yilda musodara qilinib, davlat hisobiga o‘tkazilgan saroy devonxonasi hujjatlari, xon oilasi fotosuratlari, qurol-aslahalar, tanga va muhrlar, chinni buyumlar, uy-xo‘jalik anjomlari, kiyim-kechaklar va xotin-qizlar taqinchoqlari, hunarmandchilik buyumlari kabi ashyolar bu eksponatlarning asosini tashkil etadi.
— Osori atiqalarning asrlar osha saqlanib kelayotgan o‘sha davr ustalarining mahorati, ish sifati yuqori darajada bo‘lganligidan darak beradi, — deydi arxitektura fanlari doktori, senator Gavhar Durdiyeva. — Buning sababi, usta-me’morlar matematika va geodeziyani, astronomiya va algebrani juda yaxshi bilishgan, shaharsozlik, me’morlik san’atini mukammal egallagan haqiqiy ijodkorlar bo‘lgan.
Keyingi uch yilda Xivada tarixiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018 yilda shaharga uzoq yillar orzu qilingan poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu tadbir qadimiy Xivaga xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini yanada orttirdi. So‘nggi ikki yilda shaharga 153 davlatdan 250 000 dan ortiq sayyoh tashrif buyurgani fikrimizning tasdig‘idir.
2018-2019 yillarda Xivaning Ichan qal’asi va Dishan qal’asi hududida 22 ta yangi mehmonxona qad ko‘tardi. Shuningdek, bu yerda 30 dan ortiq zamonaviy uy-mehmonxona sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “2019-2022 yillarda Xorazm viloyatining Xiva shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Xiva madaniy meros ob’ektlari me’moriy qiyofasini yaxshilash, turizm, sanoat va eksport salohiyatini yanada oshirish, mavjud resurslardan to‘liq va samarali foydalanish hamda muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi, hunarmandlik va servis sohasini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
Hujjatda Ichan qal’a majmuasidagi aholini Xiva atrofida barpo etiladigan yangi ko‘pqavatli uylarga bosqichma-bosqich ko‘chirish, majmuaning ochiq osmon ostidagi muzey maqomini va jozibadorligini saqlab qolish maqsadida uning hududida XVIII-XIX asrlarda istiqomat qilgan aholi sonidan kelib chiqib, hunarmandchilik va boshqa qadimiy kasb turlari bilan shug‘ullanuvchi oilalarni qoldirish kabi juda muhim vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Yuqoridagi qaror asosida qabul qilingan dastur doirasida Dishan qal’a devori va uning 8 ta darvozasini tiklash ishlari boshlangani Xiva uchun juda katta tarixiy voqea bo‘ldi. Chunki Ichan qal’a hududi 26 gektarni tashkil qiladi, Dishan qal’a devori tiklansa, turistik hudud 200 gektarni tashkil qiladi, ya’ni keladigan sayyohlarni 3 kun emas, balki endi 7 kun davomida tomosha qildirish, etnografik muzeylar hamda mahallalardagi hunarmandlik, savdo rastalari va milliy udumlarimizni ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Xiva va Urganch o‘rtasida trolleybus qatnovi yo‘lga qo‘yilganligi, shuningdek, ko‘plab mehmonxonalar, oshxonalar, dam olish maskanlari, sport majmualari, 120 dan ortiq hunarmandlik ustaxonasi, 250 o‘rinli qo‘g‘irchoq teatri, 4 ta mahalliy bozor mavjudligi ham xorijlik va mahalliy sayyohlarning ko‘hna va navqiron shaharga qiziqishi yanada ortishiga xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, bugungi kunda Xiva dunyo sayyohlari e’tiboridagi shaharga aylanib bormoqda. 2020 yilda shaharning turk dunyosi madaniyati poytaxti deb e’lon qilinishi bu go‘zal shahar dovrug‘i dunyo bo‘ylab yanada keng yoyilishiga xizmat qiladi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 13.02.2020