O‘zbekiston – Turkiya: oliy darajadagi strategik hamkorlik xalqlarimiz manfaatiga xizmat qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan 19-20 fevral kunlari ushbu mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib, oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishida va Turkiya Prezidenti Devoni kutubxonasining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etadi.
O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga tashrifi oliy darajadagi muloqotning mantiqiy davomi, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan o‘zaro ishonch ruhidagi do‘stlik va strategik sheriklikning yana bir yorqin tasdig‘idir. Oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashiga Turkiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida asos solingan edi. Ushbu tuzilma ikki davlat rahbarlari hamraisligida faoliyat yuritadi.
Qardosh Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan birinchi davlatdir. 1992 yil ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25-26 oktyabr kunlari Turkiyaga davlat tashrifi o‘zaro munosabatlar rivojida butunlay yangi sahifa ochdi. Tashrif davomida iqtisodiyot, savdo-sotiq, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, transport-logistika, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ziyod hujjatga imzo chekildi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 2018 yil 29 aprel – 1 may kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirdi. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport-logistika, sanoat, energetika, ilm-fan, ta’lim, turizm kabi sohalarga doir qator hujjatlar imzolandi.
Davlatlarimiz rahbarlari doimiylik kasb etgan uchrashuv va muloqotlar chog‘ida hamkorlikning bugungi holatini xolisona baholab, uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olmoqda. Bu ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun qulay sharoit yaratilayotgani, investitsiya muhitini yaxshilangani, viza tartibining soddalashtirilgani, yangi qo‘shma loyiha va dasturlarning amalga oshirilayotganida namoyon bo‘lmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro munosabatlarida hamkorlikni parlamentlararo tashriflar orqali faollashtirish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, savdo-sarmoyaviy sheriklik uchun yangi imkoniyatlar ochish, xalqaro hamjamiyat kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Turkiya O‘zbekistonning yirik savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biriga aylandi. Buni yurtimizda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yayotgan Turkiya ishbilarmonlari safi kengayib borayotgani ham tasdiqlaydi. Xususan, 2017-2019 yillarda O‘zbekistonda hamkor mamlakat sarmoyasi ishtirokidagi 750 ta korxona ro‘yxatdan o‘tib, ularning umumiy soni 1 ming 140 dan oshdi. Bu, o‘z navbatida, o‘zaro savdo aylanmasi hajmi ortishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
2017 yil mamlakatlarimiz savdo aylanmasi 1,5 milliard dollardan ziyodni tashkil qilgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2 milliard 200 million dollardan oshdi. O‘tgan yilda esa o‘zaro savdo hajmi 2,5 milliard dollarga yetdi. Qayd etish kerak, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlislari bunda muhim o‘rin tutmoqda.
Turizm, madaniy-gumanitar munosabatlarda ijobiy o‘sishni ta’minlash O‘zbekiston va Turkiya xalqlari o‘rtasidagi muloqotni yanada faollashtirishning muhim jihatidir. Qardosh mamlakat san’atkorlari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining doimiy ishtirokchilari hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekistonda birinchi marotaba o‘tkazilgan Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati va Xalqaro hunarmandchilik festivallarida Turkiya vakillari faol qatnashib kelmoqda. Mamlakatimizda keng nishonlanadigan “Navro‘z” umumxalq bayramining ushbu davlat televideniyesi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilishi ildizlari bir xalqlar mushtarakligi namunasidir.
Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi ta’sis etilishi va ilk yig‘ilishining o‘tkazilishi esa xalqlarimiz manfaatlari yo‘lidagi o‘zaro munosabatlarni kengaytirishni ta’minlash, yangi sahifa ochishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Keng qamrovli yig‘ilishda o‘zaro hamkorlikning siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sayyohlik, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalarga doir barcha masalalari atroflicha muhokama qilinadi. Sheriklik aloqalarining joriy holati xolisona baholanib, istiqboldagi vazifalar belgilab olinadi.
Muzokaralarda dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, shu jumladan, Afg‘onistonda tinchlikka erishishga ko‘maklashish, shuningdek, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar kengashi doirasidagi munosabatlarni mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
Kengash yig‘ilishi yakunida mamlakatlarimiz strategik sherikligini amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgan Qo‘shma bayonot imzolanishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidenti Devoni kutubxonasining rasmiy ochilish marosimida nutq so‘zlashi kutilmoqda. Bu ikki xalq ma’naviy yaqinligi, davlat rahbarlarining ilm-ma’rifatga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratishining yaqqol ifodasidir.
Ushbu kutubxona Turkiya Prezidenti kompleksidan joy olgan bo‘lib, ikki yil davomida bunyod etilgan. O‘ziga xos me’moriy yechimga ega bino qurilishida saljuqiylar, usmoniylar va zamonaviy me’morchilik uslublaridan keng foydalanilgan. O‘n bir qavatdan iborat binoning umumiy maydoni 120 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Kutubxona fondlarida Turkiya madaniyati, ilm-fani, san’ati bilan birga, dunyo tamadduni va madaniyatining nodir asarlari, qadimiy qo‘lyozmalar, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotiga oid asarlar joy olgan.
Prezidentimizning ushbu yirik tadbirda oliy martabali fahriy mehmon sifatida taklif etilishi kelajak avlodning madaniy va ma’naviy kamolotida, davlatlar rivojlanishidagi ahamiyatida ilm-fan va ta’limning tutgan o‘rnini teran anglashdagi birdamlikdan dalolatdir.
Darhaqiqat, mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi, shuningdek, madaniy-ma’rifiy sohadagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik keng targ‘ib qilinmoqda. O‘zbekistonda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qilingan joriy 2020 yilda ushbu yo‘nalishdagi ishlar ma’naviy yuksak avlodni kamol toptirishdek maqsadlarga mos tarzda davom ettiriladi.
Turkiy xalqlar ma’naviy beshigi sifatida ulug‘lanadigan O‘zbekiston bugun rivojlanishning yangi marralari sari dadil odimlamoqda. Bunda strategik sherik va qardosh davlatlar, xususan, Turkiya bilan hamkorlik ustuvorlik kasb etadi. Davlatimiz rahbarining ushbu tashrifi ham shu kabi maqsadlarga qaratilgan bo‘lib, ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lidagi ezgu intilishlar ro‘yobiga xizmat qiladi.
«Dunyo» AA